Konstitutsiyaviy islohotlar inson huquqlari garovi

2023-yil 30-aprelda umumxalq ovozi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab berdi. Bu davrning eng muhim yutug‘i va tub islohotlarning asosiy g‘oyasi – “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga asoslangan, inson huquqlari va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan yangi O‘zbekistonni barpo etishdir.
Konstitutsiya O‘zbekistonni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb e’lon qilib, xalqning manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligini anglatadi. Konstitutsiya inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat tamoyilining kafolatidir.
Inson huquq va erkinliklari har bir insonning ajralmas huquqi bo‘lib, har bir inson erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Konstitutsiyada “Miranda qoidasi”, “Aybsizlik prezumpsiyasi” mustahkamlangan bo‘lib, unga binoan jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxsga uning protsessual huquqlari tushuntirilishi shart. Shaxsning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi lozim. Shuningdek qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi zarur. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.
Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini kafolatlovchi “Xabeas korpus” instituti ham mustahkamlangan bo‘lib, unga muvofiq shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi munosabatga duchor etilishi mumkin emas. Hech kimning uy-joyiga uning xohishiga qarshi kirishga, uni ko‘zdan kechirishga yoki tintuv o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Telefon orqali so‘zlashuvlar, yozishmalar, pochta, telegraf va boshqa aloqa turlari orqali uzatiladigan xabarlar sirini saqlash qonun bilan kafolatlanadi.
Konstitutsiyada inson huquqlari avvalo bola huquqlaridan boshlanishi va ularning maqomi alohida mustahkamlanib, davlat bolaning to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishni o‘z zimmasiga oladi. Bu islohotlarning asosiy maqsadi – bolaning huquq va erkinligi, manfaatlarini ta’minlashdir. Davlat bolaning jismoniy, aqliy, ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratadi. Bolaning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, uning hayotiga taalluqli barcha masalalarni hal etish – eng muhim tamoyil hisoblanadi. Bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish davlatning, shuningdek, jamiyatning ham ustuvor vazifalaridandir. Bu borada inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Ombudsman, Biznes Ombudsman, Bola huquqlari bo‘yicha vakillarning konstitutsiyaviy maqomi belgilanishi – ularning inson huquqlari, avvalo bola huquqlarini himoya qilishdagi vazifasini kuchaytiradi.
Yangi Konstitutsiya O‘zbekistonning kelajakdagi rivojlanish strategiyasining huquqiy poydevoridir. Uning qabul qilinishi xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, mamlakatda demokratik va insonparvar islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi qat’iy irodasini namoyish etadi.
Konstitutsiyaviy islohotlar «Inson qadri uchun» g‘oyasining amaliy ifodasidir. Asosiy vazifa – har bir normalarni fuqarolarning kundalik hayotida amalda joriy etish, har bir davlat xizmatchisi ongi va faoliyatiga singdirishdir.
Aynan shu yo‘l orqali Konstitutsiya inson huquqlarining chinakam va mustahkam garoviga aylanadi.
Sirdaryo viloyat ma’muriy sudining sudyasi Abror Kudratov Xamidullayevich






