SUDGA BOSIM O‘TKAZISHGA HECH KIM HAQLI EMAS

“Sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart.
“Sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli ularning sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim”.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Konstitutsiya kunida aytgan bu fikrlari bejiz emas, albatta. Zero, sudya faqat qonunga asoslanib qarorlar chiqarsagina adolat ta’minlanadi.
Bosh qomusimizning 112-moddasida ham “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deb qayd etilgan. Shuni yodda tutish kerakki, sud – mustaqil hokimiyat. U kimningdir fikri va talabi bilan ish tutmaydi. Sud faqat qonunga tayanadi, dalillarga asoslanadi. Albatta, demokratik huquqiy davlatni so‘z erkinligi, ya’ni fikrlar xilma-xilligi tamoyilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Taraqqiy etgan davlatlarda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligi taraqqiyotni harakatga keltiruvchi muhim kuch sifatida yuksak qadrlanishi ham shundan. Bu muhim omillar esa, o‘z navbatida, qonun ustuvorligi tamoyiliga bo‘ysunadi. Biroq, so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligini xayolga kelgan gapni aytish, birovni haqorat qilish, shaxs qadr-qimmati va sha’nini yerga urish qabilida tushunish kalta bilimlikdan boshqa narsa emas. So‘z erkinligi yuksak mas’uliyat va madaniyat belgisidir. Bu tamoyilga hamisha hurmat bilan munosabatda bo‘lish talab etiladi. Bularni qayd etishdan maqsad shuki, keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim bloger va jurnalistlar tomonidan sudlar faoliyatiga asossiz va ko‘r-ko‘rona tosh otilayotgani, hatto haqoratomuz “post”lar qoldirilayotgani har bir sog‘lom fikrli kishini befarq qoldirmaydi. Ammo sudda shunday jarayonki, unda kimdir yutsa, kimdir albatta, yutqazadi. Aslida, adolatni qaror toptirish tamoyili shuni taqozo etadi. Qonunda sudga murojaat qilish tartibi aniq belgilab qo‘yilgan. Ya’ni fuqaro birinchi instansiya sudi qaroridan norozi bo‘ldimi, marhamat, yuqori instansiya sudiga murojaat qilishi mumkin. Bundan tashqari, taraflarga sud hukmi yoki qarori o‘qib eshittirilgach, raislik etuvchi tomonidan taraflar norozi bo‘lgan taqdirda belgilangan muddatda yuqori turuvchi sudga apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilish tartibi tushuntiriladi. Mamlakatimizda sudlar ochiq-oshkor (yopiq sud majlislari bundan mustasno) faoliyat yuritadi. Sud jarayonlarida har kim bemalol ishtirok etishi mumkin. Ammo ayrim jurnalistlar sud jarayoniga ishtirok etarkan, hali sud hukmi yoki qarori o‘qib eshittirilmay turib, bu haqda taxminiy munosabatlarini saytlarida e’lon qiladi. Bu ham – sudga, sudyaga bosim o‘tkazishning bir ko‘rinishidir. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 236-moddasida tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, yaʼni ishni har tomonlama, toʻla va xolisona oʻrganilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazish – uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, oʻsha harakat mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek ushu kodeksning 239-moddasida surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ruxsatisiz, shuningdek yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik majburiyati oʻz zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan ularni oshkor qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Xulosa qilib shuni aytadigan bo‘lsak, sud ishiga asossiz aralashish, sudyani hurmat qilmaslik mavjud qonunlarga bepisandlik sifatida baholanishini unutmang.






