O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining “Sudlarda yerga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” gi 20.11.2023-yildagi plenum qarorining mazmun-mohiyati.

Plenum qarori bilan, yerga oid ommaviy-huquqiy nizolar bo‘yicha yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi asoslari qonunda qat’iy belgilab qo‘yilganligi sababli hakamlik sudlarining vakolat doirasidan chetga chiqqan holda yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulkka nisbatan huquqlarni vujudga keltirishga qaratilgan qarorlari, arizachilarning mansabdor shaxslarning zimmasiga yer uchastkasi yoki boshqa ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yer uchastkasida qurilish ishlarini amalga oshirishga ruxsat berish, ko‘chmas mulkni qayta rekonstruksiya qilishga ruxsat berish majburiyatini yuklash haqidagi talablarini qanoatlantirish uchun asos bo‘la olmasligi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi Kodeksining 27-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda arizachi tomonidan noaniq (masalan, kadastr yig‘majildi, kadastr pasporti, guvohnoma va davlat reyestridan ko‘chirmani haqiqiy emas deb topish haqida) talab qo‘yilganda, nizoning asl mohiyatidan kelib chiqqan holda ma’muriy sudlar sudning faol ishtiroki tamoyili asosida talabga aniqlik kiritish choralarini ko‘rib, arizani mazmunan ko‘rishlari lozim.
Bunda sudlar ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish — yuridik va jismoniy shaxslarning, jumladan bitimlar asosida yuzaga keladigan ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarining vujudga kelishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishini bekor bo‘lishini tan oladigan hamda tasdiqlaydigan huquqiy hujjat ekanligidan kelib chiqib, bu haqdagi davlat reyestri ko‘chirmasini emas, balki ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topilishi lozimgi qayd e’tilgan, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga ko‘ra, Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ hisoblanishi sababli, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda, ish bo‘yicha javobgar sifatida Davlat kadastrlari palatasining viloyat hududiy boshqarmalari jalb qilinishi lozimligi belgilangan.
Qarorida sudlarga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida muhofaza etiladigan obyektlar va ularning muhofaza hududlariga nisbatan bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi, mazkur yer maydonlariga bo‘lgan huquqning vujudga kelmaganligini anglatmasligi tushuntirilgan, sudlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmonining 4-bandi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish, shu jumladan tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan, PF-6243-sonli Farmonning
8-bandida ushbu Farmon rasman e’lon qilingan kundan boshlab Yer kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan mazkur Farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qat’iyan to‘xtatilganligi qayd etilgan, shu sababli, yer kodeksining
23-moddasiga o‘zgartishlar 2021-yil 16-avgustda kiritilgan bo‘lsa ham, tuman (shahar) hokimlari 2021-yil 9-iyundan boshlab yer uchastkalarini egalik qilish va foydalanish uchun ajratish (realizatsiya qilish) vakolatiga ega emasliklari tushuntirib o‘tilgan.
Xulosa qilib aytganda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining “Sudlarda yerga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 20.11.2023-yildagi plenum qarori sudlar tomonidan yer oid nizolarni to‘g‘ri hal etishga xizmat qiladi.
Guliston tumanlararo ma’muriy
sudi sudyasi A.Kudratov
Guliston tumanlararo ma’muriy sudining
sudya yordamchisi Y.Soliyev