Istiqlol yillarida milliy qonunchiligimizni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish, demokratik tamoyillar va xalqaro huquqiy talablarga to‘liq javob beradigan huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Istiqlol yillarida milliy qonunchiligimizni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish, demokratik tamoyillar va xalqaro huquqiy talablarga to‘liq javob beradigan huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.
Rivojlangan davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida “Xabeas korpus” instituti aks etgan. Ushbu institutlar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan.Ta’kidlash joizki, “Xabeas korpus akti” –bu shaxs o‘zining hibsga olinishiga qarshi sud orqali e’tiroz bildirishi uchun asosiy huquq bo‘lib, Britaniya huquq tizimining asosi sifatida asrlar davomida shaxsning huquqlarini himoya qilishda ishlatilgan.
Xabeas korpus bu — ingliz jinoyat-protsessual huquqi instituti bo‘lib, shaxs daxlsizligi tamoyili bilan chambarchas bog‘liq sanaladi, u anglo-sakson huquqiy oilasining boshqa mamlakatlari huquqiy tizimlariga ham kiritilgan. «Xabeas korpus»ni oddiy tushuntiradigan bo‘lsak, unga ko‘ra, qamoqqa olingan shaxs yoki uning nomidan boshqa bir fuqaro nima sababdan hibsga olinayotgani yoki qamoqqa olish to‘g‘risidagi hujjat bo‘yicha sudga murojaat qilishi va hibsga olish yoki ushlab turishning qonuniyligini tekshirish uchun maxsus sud qarorini talab qilishi mumkin. Ya’ni gumonlanuvchi ma’lum sabab bilan hibsga olinganidan so‘ng uni ushlab turishlari qonuniyligini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Sudning qarori bo‘lmagan taqdirda shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin bo‘lmaydi.
“Xabeas korpus” institutining joriy etilishi, ya’ni 2008 yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokurordan sudga o‘tkazilishi prinsipial qadam bo‘ldi. Ushbu qarorning o‘z vaqtida va puxta o‘ylab qabul qilingani bugungi kunda hayotda o‘z isbotini topmoqda.
“Xabeas korpus akt” instituti doirasini kengaytirish jarayonining mantiqiy davomi sifatida endi xususiy mulk daxlsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligini cheklashga oid tergov harakatlarining barchasi (telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali so‘zlashuvlarni eshitib turish, tintuv, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, mol-mulkni xatlash) faqat sudning ruxsati bilan o‘tkazilishi tartibi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda.
Yangi tahrirdagi konstitutsiyaviy normaga binoan, mazkur huquqlarning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Konstitutsiyamizning yangi tahririga ko‘ra, mazkur qoida bilan fuqarolarning shaxsiy hayot, uy-joy va xususiy mulk daxlsizligi huquqlari yanada mustahkamlandi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida “Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas”ligi hamda qat’iy norma sifatida belgilab o‘tildi. Ushbu norma tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir.
Xulosa sifatida ta’kidlash joizki, Xabeas korpus akt –bu shaxs erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sudning qarori asosida amalga oshirilishi shartligi talabi hisoblanadi va shaxsiy erkinlik daxlsizligini kafolatlab, tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish,asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.
Sirdaryo viloyat ma’muriy sudi D.Boirbekov
sudya katta yordamchisi