Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari samarali himoyasini ta’minlashda tizimli islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, 2017 yilda mamlakatimiz tarixida ilk marotaba ma’muriy sudlar tashkil qilinganligi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari va mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

O‘tgan davrda ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan 120 mingga yaqin ariza va shikoyatlarning 57 foizi qanoatlantirilib, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlari tiklanganligi ham ma’muriy sudlarning qonun ustuvorligini ta’minlash hamda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda muhim institut sifatida shakllanganligini ko‘rsatmoqda.

Bu borada ma’muriy sudlar zimmasiga shikoyatlarni ko‘rib chiqishda «faol ishtirok etish» tamoyili asosida nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun dalillarni mustaqil yig‘ish majburiyati yuklangani, sud qarori ijrosini ta’minlamagan mansabdor shaxslarga jarima qo‘llash vakolati berilgani ham ushbu institut takomillashib borayotganligidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, bugungi kunda ma’muriy sudlar faoliyatiga ilg‘or xorijiy tajribada o‘zini oqlagan institut va tartiblarni keng qo‘llash orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ushbu sudlarning rolini oshirish, shu jumladan, davlat organi hujjatiga ishonib faoliyat yuritgan fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini qo‘shimcha ravishda kuchaytirish zarurati vujudga kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2025 yil 30 yanvar kuni “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha
chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-33-sonli qarorni imzoladi.

Mazkur qaror bilan davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali hamda ishonchli himoya etilishini ta’minlash va ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqib yanada takomillashtirish maqsadida bir qancha
chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, ma’muriy sudlar faoliyatiga quyidagi tartiblar joriy etilishi belgilandi:

qarori, harakati (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida majburiy ishtirok etishini ta’minlash;

ma’muriy sud ish yurituvida ishlarning tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashga hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan dastlabki eshituv institutini joriy etish.

Ishonchning himoya qilinishi prinsipi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksda alohida belgilandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli va samarali himoya etilishini ustuvor ravishda ta’minlash;

fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda sudning faol ishtiroki prinsipini qo‘llash mexanizmlarini kengaytirish;

davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish;

ma’muriy sud ishlarini yuritishda nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish;

fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish orqali aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish;

davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning ta’sirchan mexanizmlarini to‘liq joriy etish;

ma’muriy yustitsiya tizimi rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirib borish.

Shuningdek, mazkur qaror bilan ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bir qancha normativ hujjatlar ishlab chiqilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu o’zgarishlar davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining yanada samarali hamda ishonchli himoya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sirdaryo viloyat ma’muriy sudi

bosh konsultanti Sh.O‘ktamov