«So‘x voqealari» bo‘yicha barcha sudlanuvchilarning oxirgi so‘zi eshitildi
Farg‘onada o‘tgan yilning may oyida So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan ayblangan 22 nafar shaxs ustidan davom etayotgan sud jarayonida bugun barcha sudlanuvchilarning oxirgi so‘zi eshitildi.
Dastlabki tergov organi tomonidan ushbu shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayb e’lon qilinib, 9 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish va 13 nafariga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ulardan bir nafari voyaga yetmagan shaxsdir.
2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergan.
Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.
O‘tgan yilning noyabr oyidan buyon mazkur jinoyat ishini ko‘rish ishlari davom etayotgan bo‘lib, sud muhokamasi yakunlanmoqda.
Farg‘ona viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, “So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilindi.